Jamoatchilik kengashi

  1. Mazkur Nizom (keyingi o‘rinlarda Nizom deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi jamoatchilik kengashining (keyingi o‘rinlarda — jamoat kengashi) asosiy vazifalari, funksiyalari, vakolatlarini va faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
  2. Jamoatchilik kengashi o‘z ishini jamoatchilik asosida olib boradigan, doimiy faoliyat yurituvchi maslahat-kengash organi hisoblanadi.
  3. Jamoatchilik kengashi “O‘zaviatsiya” agentligining markaziy apparati huzurida tashkil etiladi.
  4. Jamoatchilik kengashi “O‘zaviatsiya” agentligining direktorining qarori bilan tashkil etiladi.
  5. Jamoatchilik kengashining qarorlari tavsiyaviy xususiyatga ega.
  6. Jamoatchilik kengashi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, mazkur Nizomga hamda boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
  7. Jamoatchilik kengashi to‘g‘risidagi nizom va unga kiritiladigan o‘zgartishlar hamda qo‘shimchalar “O‘zaviatsiya” agentligining direktorining qarori bilan tasdiqlanadi.
  1. Quyidagilar jamoatchilik kengashining asosiy vazifalari hisoblanadi:
  • qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarda, qarorlarda, shuningdek, davlat, tarmoq va hududiy rivojlantirish dasturlarida jamoatchilik manfaatlari va jamoatchilik fikri hisobga olinishi, fuqarolarning, yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, jamiyat manfaatlarini himoya qilish sohasida qonun hujjatlari talablari ijrosini ta’minlash, “O‘zaviatsiya” agentligining zimmasiga yuklangan hamda ijtimoiy va jamoatchilik manfaatlariga daxl qiluvchi vazifalar va funksiyalarni bajarish, davlat xizmatlarini ko‘rsatish, ijtimoiy sheriklik doirasida amalga oshiriladigan bitimlar, shartnomalar, loyihalar va dasturlarni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha “O‘zaviatsiya” agentligi va uning mansabdor shaxslarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish;
  • birgalikda muloqot qilish, “O‘zaviatsiya” agentligini nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan samarali hamkorligini ta’minlash uchun fuqarolar bilan bog‘lab turadigan “ko‘prik” rolini bajarish;
  • “O‘zaviatsiya” agentligiga nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan kelib tushgan sotsial va ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni umumlashtirish va baholash;
  • fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxl qiluvchi eng muhim masalalar yuzasidan “O‘zaviatsiya” agentligining faoliyati haqidagi jamoatchilik fikrini tizimli monitoring qilish va har tomonlama tahlil qilish, sotsiologik so‘rovlar o‘tkazish, jumladan ularni axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda o‘tkazish;
  • “O‘zaviatsiya” agentligining faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlari va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etish, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilgan ishlar ustidan monitoring va tahlil o‘tkazish, shuningdek, ularning natijalari bo‘yicha takliflar tayyorlash;
  • “O‘zaviatsiya” agentligi faoliyatining ochiqligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadbirlarni monitoring qilish, uning faoliyati to‘g‘risida batafsil axborot olish imkoniyatlarini tahlil qilish, ularni yanada kengaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
  • “O‘zaviatsiya” agentligi faoliyatini isloh qilishda fuqarolar ishtirok etishi uchun yaratilgan shart-sharoitlarni o‘rganish va ularni yaxshilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
  • “O‘zaviatsiya” agentligining faoliyati bo‘yicha fuqarolar o‘rtasida o‘tkaziladigan tushuntirish ishlari va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda ishtirok etish, ularning samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
  • “O‘zaviatsiya” agentligi xodimlari va ular oilalarining uy-joy, ijtimoiy-maishiy, xizmat shart-sharoitlarini, ularga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish sharoitlarini, shuningdek, ishdan bo‘shatilgan yoki zaxiraga olingan xodimlarni ijtimoiy va kasbiy moslashtirish bo‘yicha muammolarni kompleks tahlil qilish hamda tahlil yakunlari bo‘yicha mazkur sharoitlarni yaxshilash yuzasidan takliflar kiritish.
  1. “O‘zaviatsiya” agentligining jamoatchilik kengashi o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
  • “O‘zaviatsiya” agentligining faoliyatiga doir masalalar yuzasidan fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining tashabbuslari hamda murojaatlarini ko‘rib chiqishda ishtirok etadi, shuningdek, ularni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha “O‘zaviatsiya” agentligiga tegishli takliflar kiritadi;
  • “O‘zaviatsiya” agentligining fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan o‘zaro hamkorligini tahlil qiladi, shuningdek, hamkorlikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
  • “O‘zaviatsiya” agentligining faoliyatiga taalluqli uning normativ-huquqiy hujjatlari va qarorlarini takomillashtirish, ulardagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi, shuningdek, kiritilgan takliflarni “O‘zaviatsiya” agentligi xodimlari o‘rtasida muhokama qilishga bag‘ishlangan tadbirlarni tashkil etishda qatnashadi;
  • davlat dasturlari loyihalarini, tadbirlar rejalarini va “O‘zaviatsiya” agentligining faoliyatiga taalluqli, shu jumladan korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi boshqa hujjatlarni ishlab chiqish yuzasidan takliflar tayyorlaydi, qabul qilingan dasturlarni amalga oshirishda vakolatlari doirasida ishtirok etadi, bajarilgan ishlarning samaradorligini tahlil qiladi, shuningdek, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
  • “O‘zaviatsiya” agentligiga nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan kelib tushgan sotsial va ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni ko‘rib chiqadi;
  • “O‘zaviatsiya” agentligi rahbarlari va xodimlarining fuqarolar bilan uchrashuvlarini, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini ko‘rib chiqish bilan bog‘liq ishlarni tashkil etishda, shu jumladan joylarga borib tashkil etishda qatnashadi, ularning amalga oshirilishi ustidan monitoring o‘tkazadi;
  • “O‘zaviatsiya” agentligi xodimlari va ular oilalarining uy-joy, ijtimoiy-maishiy, xizmat shart-sharoitlarini, ularga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish sharoitlarini yaxshilashda, shuningdek, ishdan bo‘shatilgan yoki zaxiraga olingan xodimlarni ijtimoiy va kasbiy moslashtirish muammolarini hal etishda ko‘maklashadi;
  • xodimlar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy va huquqiy himoya qilish masalalari bo‘yicha “O‘zaviatsiya” agentligi xodimlari o‘rtasida keng tushuntirish ishlarini tashkil etadi;
  • “O‘zaviatsiya” agentligida sog‘lom ishchanlik muhitini rivojlantirish, qonuniylikni, yuksak huquqiy madaniyat va axloqiylikni ta’minlash, xodimlarda Vatanga sodiqlik ruhini va qonunlarga bo‘lgan hurmatni kuchaytirish, ularni ijtimoiy, siyosiy, ruhiy va ma’naviy-ma’rifiy kamol toptirish, shuningdek, mazkur sohadagi ilmiy-ma’rifiy va o‘quv adabiyotlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;
  • mamlakatda va xorijda keng jamoatchilikni “O‘zaviatsiya” agentligi faoliyatini isloh qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar haqida muntazam ravishda xabardor qilishni ta’minlaydi hamda mavjud muammolarni hal qilish va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
  • “O‘zaviatsiya” agentligi faoliyatiga bag‘ishlangan ilmiy-nazariy va ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlarini tashkil etishda ishtirok etadi;
  • “O‘zaviatsiya” agentligi faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritish bo‘yicha bajarilayotgan ishlarning natijalarini tahlil qiladi, ularning samaradorligini oshirish va mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
  • “O‘zaviatsiya” agentligi jamoatchilik kengashiga yuklatilgan vazifalarni bajarishda nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari hamda fuqarolar bilan hamkorlik qiladi.
  1. Jamoatchilik kengashi zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun:
  • “O‘zaviatsiya” agentligi tomonidan tashkil etiladigan bo‘lajak ochiq hay’at majlislari va boshqa ommaviy tadbirlar to‘g‘risidagi axborotni oldindan olish hamda mazkur tadbirlarda ishtirok etish;
  • “O‘zaviatsiya” agentligining, jumladan uning hududiy bo‘linmalari va tasarrufidagi tashkilotlarining binolari (xonalari) va boshqa obyektlarini belgilangan tartibda borib ko‘rish;
  • “O‘zaviatsiya” agentligi, direktoriga jamoatchilik kengashi vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan takliflar kiritish;
  • “O‘zaviatsiya” agentligi faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar va tavsiyalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan “O‘zaviatsiya” agentligining axborotlari, statistika va boshqa materiallarini belgilangan tartibda olish;
  • “O‘zaviatsiya” agentligining qonun ijodkorligi faoliyatida, Agentlik tomonidan ishlab chiqilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining jamoatchilik va ekspertlar muhokamasini ta’minlashda ishtirok etish;
  • jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlariga “O‘zaviatsiya” agentligi tomonidan berilgan javoblarning sifatini tanlab olgan holda tahlil qilish;
  • “O‘zaviatsiya” agentligi xodimlarining roziligi bilan ularning uy-joy, ijtimoiy-maishiy va xizmat shart-sharoitlari bilan tanishish;
  • jamoatchilik kengashi majlislarida muhokama qilinadigan masalalarni yoritish bo‘yicha ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish;
  • yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun konferensiyalar, forumlar, seminarlar, davra suhbatlari va boshqa tadbirlarni tashkil etish huquqiga ega.

“O‘zaviatsiya” agentligi jamoatchilik kengashi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

  1. “O‘zaviatsiya” agentligi jamoatchilik kengashi o‘z faoliyatini amalga oshirishda:
  • jamoatchilik nazorati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya qilishi;
  • “O‘zaviatsiya” agentligi faoliyati bilan bog‘liq qonun hujjatlarida belgilangan cheklovlarga amal qilishi;
  • “O‘zaviatsiya” agentligi mansabdor shaxslarining o‘z vakolatlari doirasida amalga oshiradigan faoliyatiga aralashmasligi;
  • “O‘zaviatsiya” agentligi mansabdor shaxslari faoliyat ko‘rsatishi uchun to‘sqinlik qilmasligi;
  • fuqarolarning or-nomusi va qadr-qimmatini tahqirlashga, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yo‘l qo‘ymasligi;
  • jamoatchilik nazoratini amalga oshirish davomida olingan axborotning, agar bunday axborotni tarqatish qonun bilan cheklangan bo‘lsa, maxfiyligiga rioya qilishi shart.

Jamoatchilik kengashining zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.

  1. Jamoatchilik kengashining tarkibiga uning raisi, rais o‘rinbosari, kotibi va a’zolari kiradi.
  2. Jamoatchilik kengashi a’zoligiga, qoida tariqasida, “O‘zaviatsiya” agentligining namunali xizmat ko‘rsatgan mehnat faxriylari, jamoatchilik faoliyati sohalarida katta amaliy tajribaga ega obro‘-e’tiborli fuqarolar, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari qabul qilinadi.

Jamoatchilik kengashi a’zolarining soni cheklanmagan.

  1. Jamoatchilik kengashining tarkibi “O‘zaviatsiya” agentligi direktorining qarori bilan har 3 yilda tasdiqlanadi.
  2. Quyidagi holatlarda jamoatchilik kengashining raisi, rais o‘rinbosari, kotibi va a’zolari uning tarkibidan chiqarilishi mumkin:
  • ular tomonidan jamoatchilik kengashi tarkibidan chiqish to‘g‘risida ariza berilganda;
  • jamoatchilik kengashining majlislarida muntazam ravishda ishtirok etmaganda, mazkur Nizomning 11-bandida nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarmaganda;
  • ularga nisbatan chiqarilgan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganda;
  • vafot etganda, shuningdek, sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori asosida ular muomalaga layoqatsiz, bedarak yo‘qolgan yoki vafot etgan deb topilganda.
  1. Jamoatchilik kengashining tarkibi to‘g‘risidagi ma’lumotlar va unga kiritilgan o‘zgartishlar ular tasdiqlangan paytdan boshlab 5 kun ichida “O‘zaviatsiya” agentligining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
  2. Jamoatchilik kengashining raisi:
  • jamoatchilik kengashining faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi;
  • jamoatchilik kengashining majlislarini chaqiradi va kun tartibini belgilaydi;
  • jamoatchilik kengashining majlislarida raislik qiladi;
  • jamoatchilik kengashining ish rejasini, majlisi bayonnomasini va boshqa hujjatlarini tasdiqlaydi;
  • jamoatchilik kengashi qarorlarining ijrosini nazorat qiladi;
  • jamoatchilik kengashi a’zolarining zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarilishini muvofiqlashtiradi;
  • “O‘zaviatsiya” agentligining rasmiy veb-saytida va boshqa resurslarda joylashtiriladigan jamoatchilik kengashining faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar tarkibi bo‘yicha takliflar kiritadi va uni “O‘zaviatsiya” agentligi direktori bilan kelishadi;
  • jamoatchilik kengashi qarorlarini bajarish masalalari yuzasidan “O‘zaviatsiya” agentligi direktori bilan hamkorlik qiladi;
  • jamoatchilik kengashining samarali ishini ta’minlash bo‘yicha boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
  1. Jamoatchilik kengashining raisi bo‘lmagan taqdirda, uning vakolatlari va majburiyatlarini rais o‘rinbosari bajaradi.
  2. Jamoatchilik kengashi raisining o‘rinbosari:
  • rais yo‘qligida jamoatchilik kengashining majlislarida raislik qiladi;
  • jamoatchilik kengashi qarorlarining ijrosini nazorat qilish bo‘yicha ishlarni tashkil etadi;
  • fuqarolarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qiladi, shuningdek, jamoatchilik kengashi faoliyatiga taalluqli murojaatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha ishlarni tashkil etadi;
  • jamoatchilik kengashining samarali ishlarini ta’minlash bo‘yicha boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
  1. Jamoatchilik kengashining kotibi:
  • jamoatchilik kengashining faoliyatini uslubiy, tashkiliy-huquqiy va tashkiliy-texnik jihatdan ta’minlash masalalarini hal qiladi;
  • jamoatchilik kengashining navbatdagi majlisiga barcha zarur materiallar o‘z vaqtida tayyorlanishini ta’minlaydi, “O‘zaviatsiya” agentligi xodimlaridan zarur hujjatlar va ma’lumotlarni so‘rab oladi;
  • kun tartibiga muvofiq jamoatchilik kengashi majlislari o‘tkazilishini tashkil etadi;
  • jamoatchilik kengashi o‘tkaziladigan sana, joy va taklif etiladigan shaxslar ro‘yxatini jamoatchilik kengashining raisi bilan kelishadi;
  • jamoatchilik kengashining a’zolarini va taklif etilgan shaxslarni jamoatchilik kengashi majlisi o‘tkaziladigan joy, sana va vaqt haqida xabardor qiladi;
  • jamoatchilik kengashi qarorlarining ijro etilishi ustidan monitoring olib boradi va uning natijalarini jamoatchilik kengashi majlisida ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar kiritadi;
  • jamoatchilik kengashi majlisining bayonnomasini rasmiylashtiradi va tasdiqlangan bayonnomaning jamoatchilik kengashi a’zolari hamda boshqa manfaatdor shaxslarga jo‘natilishini ta’minlaydi;
  • jamoatchilik kengashining samarali ishlashini ta’minlash bo‘yicha boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
  1. Jamoatchilik kengashining a’zolari o‘z majlislarida ko‘rib chiqiladigan masalalarni muhokama qilish va hal qilishda o‘z vakolatini boshqalarga o‘tkazish huquqiga ega emas.

Jamoatchilik kengashining majlisida ishtirok etish imkoni bo‘lmagan holatlarda, uning a’zosi majlis kun tartibidagi masalalar bo‘yicha o‘z fikrini yozma shaklda yuborishi mumkin. Bunda uning fikri majlisda ko‘rib chiqiladi va ovoz berishda hisobga olinadi.

Jamoatchilik kengashining a’zolari:

  • o‘z zimmalariga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun “O‘zaviatsiya” agentligi tomonidan tashkil etiladigan hay’at majlislarida va boshqa ommaviy tadbirlarda ishtirok etadi;
  • jamoatchilik kengashi ish rejalarining loyihalarini tayyorlaydi, ularni jamoatchilik kengashida ko‘rib chiqish uchun kiritadi va tasdiqlangan ish rejalari bajarilishini ta’minlaydi;
  • “O‘zaviatsiya” agentligi faoliyatining samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar va tavsiyalarni ishlab chiqishda hamda amalga oshirishda qatnashadi;
  • “O‘zaviatsiya” agentligi xodimlari, ularning oila a’zolari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi va ularning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha takliflarni jamoatchilik kengashiga kiritadi;
  • jamoatchilik kengashining kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan tahliliy materiallar tayyorlaydi;
  • jamoatchilik kengashining vakolatiga kiradigan masalalar bilan bog‘liq murojaatlarni ko‘rib chiqadi va natijalari bo‘yicha tegishli hujjatlarni tayyorlaydi;
  • jamoatchilik kengashining zimmasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
  1. Jamoatchilik kengashi faoliyatining asosiy masalalari uning majlisida ko‘rib chiqiladi. Jamoatchilik kengashining majlisi uning ish rejalari asosida har chorakda kamida bir marta chaqiriladi.

Jamoatchilik kengashining raisi jamoatchilik kengashi a’zolarining uchdan bir qismining yozma murojaati asosida uning navbatdan tashqari majlisini chaqirishi mumkin.

  1. Jamoatchilik kengashining majlislariga boshqa davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari taklif etilishi mumkin.
  2. Jamoatchilik kengashi majlisi kun tartibining loyihasi kotib tomonidan jamoatchilik kengashi a’zolarining takliflari va jamoatchilik kengashi raisining topshirig‘i asosida shakllantiriladi.
  3. Jamoatchilik kengashining majlisini uning raisi olib boradi. Rais ishtirok eta olmagan holatlarda, majlisni uning o‘rinbosari olib boradi.

Jamoatchilik kengashining majlisida “O‘zaviatsiya” agentligi direktori, uning o‘rinbosarlari va boshqa xodimlar ishtirok etishi mumkin.

  1. Jamoatchilik kengashining majlisi, agar unda jamoatchilik kengashi a’zolarining kamida uchdan ikki qismi (kvorum) ishtirok etgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.

Majlisni o‘tkazish uchun kvorum shakllanmagan taqdirda, jamoatchilik kengashining yangi majlisi o‘tkaziladigan sana e’lon qilinadi.

  1. Jamoatchilik kengashining qarori majlisda ishtirok etayotgan jamoatchilik kengashi a’zolarining oddiy ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
  2. Jamoatchilik kengashining har bir a’zosi qabul qilinayotgan qarorlar bo‘yicha o‘zining fikrini yozma shaklda ifodalashga haqli. Uning fikri jamoatchilik kengashi majlisining bayonnomasiga majburiy tartibda qo‘shib qo‘yiladi.
  3. Jamoatchilik kengashining majlisida qabul qilingan qaror bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Jamoatchilik kengashi majlisining bayonnomasi kotib tomonidan imzolanadi, majlisga raislik qiluvchi tomonidan tasdiqlanadi va uch kun muddatda, jamoatchilik kengashi a’zolariga va manfaatdor shaxslarga yuboriladi.
  4. Jamoatchilik kengashining qarorini tezlik bilan qabul qilish zaruriyati tug‘ilganda, uning raisi tashabbusi bilan qaror jamoatchilik kengashining a’zolari bilan kelishilgan holda so‘rov yo‘li bilan qabul qilinishi mumkin.

Jamoatchilik kengashining qabul qilgan qaroriga qo‘shilmagan hollarda, jamoatchilik kengashining qarorini olgan kundan boshlab o‘n kundan kechikmay unga asoslantirilgan e’tirozini yozma shaklda yuboradi.

31. Jamoatchilik kengashining kotibi kengash a’zolari ko‘magida jamoatchilik kengashi qarorlari ijrosining borishini o‘rganadi va ko‘rib chiqadi, zarur bo‘lgan hollarda, jamoatchilik kengashining raisiga tegishli takliflar kiritadi.

  1. Jamoatchilik kengashining faoliyatini moddiy-texnik jihatdan ta’minlash “O‘zaviatsiya” agentligi tomonidan, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
  2. Jamoatchilik kengashining faoliyati uning nizomiga va O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq ekanligi davlat organining rahbari tomonidan nazorat qilinadi.
  3. Jamoatchilik kengashining va “O‘zaviatsiya” agentligi direktorining jamoatchilik kengashi faoliyati bilan bog‘liq qarorlari ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.

Kengash raisi:

Nazarov Taxir Alimjanovich

“O‘zaviatsiya” agentligi Direktori

Kengash raisining o‘rinbosari:

Orazbaev Joldibay Sapparovich

“O‘zaviatsiya” agentligining sobiq xodimi, mexnat faxriysi

Kengash a’zolar:

Uljayev Tolib Egamberdievich

“O‘zaviatsiya” agentligining sobiq xodimi, transport sohasida xizmat ko‘rsatgan xodimi

 

Shadmanxodjaev Mamurxodja Umarxodjaevich

“O‘zaviatsiya” agentligining sobiq xodimi, mexnat faxriysi

 

Baymurzaeva Nargiza Baxtiyarovna

“O‘zaviatsiya” agentligining bo‘lim boshlig‘i

Kengash kotibi:

Shokirov Shamshod Abubakirovich

“O‘zaviatsiya” agentligining ijro intizomi nazorat qilish mutaxassisi

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligida Jamoatchilik kengashining nizomi bilan tanishtirish bo’yicha o‘tkazilgan yi‘gilishning
_1_-son BAYONI

2022 yil 07 aprel                                 “O‘zaviatsiya” agentligi

Rais:

“O‘zaviatsiya” agentligi direktori        Nazarov Taxir Alimjanovich

 
Ishtirok etganlar:

Direktor o‘rinbosari, “O‘zaviatsiya” agentligi bo’lim boshliqlari, xodimlar bo’yicha bosh mutaxassis, ijro intizomini nazorat qilish bo‘yicha mutaxassis, Fuqaro aviatsiyasi agentligining sobiq xodimlari T.E.Uljayev, J.S.Orazboyev, M.U.Shodmanxoʻjayevlar ishtirok etdilar

 
KUN TARTIBI:

  1. Jamoatchilik Kengashi nizomi bilan tanishtirish;
  2. Jamoatchilik Kengashi a’zolarini tanishtirish;
  3. “O‘zaviatsiya” agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining raisini, o‘rinbosarini, kotibini saylash;
  4. Jamoatchilik Kengashi faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq turli masalalar bo‘yicha kelishib olish.

 

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi
Fuqaro aviatsiyasi agentligida
murojaatlar bilan ishlash holati bo’yicha o‘tkazilgan Jamoatchilik kengashi yi‘gilishning

_2_-son BAYONI

 2022 yil 27 aprel              “O‘zaviatsiya” agentligi

 Rais:     

“O‘zaviatsiya” agentligi direktori Nazarov Taxir Alimjanovich 

 Ishtirok etganlar: Jamoatchilik kengashi a’zolari.

 

KUN TARTIBI:

  1. Agentlikka kelib tushgan murojaatlar statistikasi.
  2. Jamoatchilik kengashi a’zolari tomonidan murojaatlarda ko‘pincha ko‘tariladigan masalalar tahlili
  3. “O‘zaviatsiya” agentligi mutaxassislari tomonidan murojaatda ko‘yilgan masalani sifatli va o‘z vaqtida hal etishligi muhokamasi.

Sahifaning oxirgi yangilanish sanasi: 07.04.2022 17:53:48

Chop etiladigan nusxasi